Nomalar

Ommaviy oferta

Tahrir: 2026-yil 21-noyabr

1. Umumiy qoidalar

Ushbu hujjat o‘zini o‘zi band qilgan shaxs Khusanjon Jurabaev (keyingi o‘rinlarda «Ijrochi») nomalar.uz sayti va Telegram bot orqali ko‘rsatadigan onlayn taklifnoma xizmatining shartlarini belgilaydi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi. Taklifnoma uchun to‘lov qilgan yoki bepul taklifnomani nashr qilgan shaxs (keyingi o‘rinlarda «Mijoz») ushbu shartlarni to‘liq va so‘zsiz qabul qilgan (aksept qilgan) hisoblanadi.

Saytga kirish, shablonlarni ko‘rish va taklifnoma qoralamasini yaratish bepul.

2. Xizmat

Ijrochi Mijozga tanlangan shablon asosida elektron taklifnoma yaratish va uni noyob havola (nomalar.uz/i/…) orqali mehmonlarga ko‘rsatish imkonini beradi.

Taklifnoma to‘lov tasdiqlangandan keyin faollashadi: havola mehmonlar uchun ochiladi va Telegram bot orqali Mijozga yuboriladi. Shu paytdan xizmat ko‘rsatilgan hisoblanadi.

Saytda «Bepul» deb belgilangan shablonlar to‘lovsiz, «Nashr qilish» tugmasi bilan faollashadi. Ularda muqova rasmi, rasmlar galereyasi va musiqa bo‘lmaydi, taklifnoma bitta tilda bo‘ladi. Bir Mijozda bir vaqtda ko‘pi bilan 2 ta faol bepul taklifnoma bo‘lishi mumkin. 3-bo‘limdagi muddatlar ularga ham amal qiladi, to‘lov kuni o‘rniga nashr kuni olinadi.

Taklifnoma mazmunini (ismlar, sana, joy, dastur, matnlar, rasm va musiqa) Mijoz o‘zi kiritadi va uning to‘g‘riligi uchun o‘zi javob beradi.

3. Muddatlar

  • To‘lovdan keyin Mijoz to‘y kuni soat 00:00 gacha (Toshkent vaqti) taklifnomadagi barcha ma’lumotni tahrirlay oladi. Shablon to‘lovdan keyin o‘zgarmaydi.
  • To‘y sanasini to‘lov kunidan boshlab 12 oy ichidagi istalgan kunga surish mumkin.
  • To‘y kunidan keyin 30 kun davomida taklifnoma arxivda turadi: mehmonlar uni ko‘ra oladi, tahrirlash yopiladi.
  • Shundan so‘ng havola ishlashdan to‘xtaydi, taklifnoma ma’lumotlari, rasmlar va musiqa o‘chiriladi. Bu haqda Mijozga 7 kun oldin Telegram bot orqali xabar beriladi.

4. Narx va to‘lov

Har bir shablon narxi saytda so‘mda ko‘rsatilgan. Mijoz buyurtma paytidagi narxni bir marta to‘laydi; obuna va qo‘shimcha to‘lovlar yo‘q.

Onlayn to‘lov (saytda ko‘rsatilgan bo‘lsa): Payme, Click, Uzum yoki Paylov orqali. To‘lovni «OCTAGRAM» AJ to‘lov tizimi (WLCM) qabul qiladi; karta ma’lumotlari to‘lov tizimi sahifasida kiritiladi va Ijrochiga berilmaydi. To‘lov tizimi tasdiqlashi bilan taklifnoma avtomatik faollashadi, shu payt to‘lov sanasi hisoblanadi. Har bir onlayn to‘lovga fiskal chek beriladi.

Karta orqali o‘tkazma: Telegram botda ko‘rsatilgan bank kartasiga. O‘tkazmadan keyin Mijoz botga chek (skrinshot yoki PDF) va to‘lov qilingan kartaning oxirgi 4 raqamini yuboradi.

Ijrochi pul kartaga haqiqatan tushganini tekshirib, to‘lovni tasdiqlaydi. Odatda bu soat 09:00 dan 23:00 gacha, 30 daqiqa ichida bajariladi. Pul Ijrochi kartasiga tushgan payt to‘lov sanasi hisoblanadi.

To‘langan summa narxdan kam bo‘lsa yoki o‘tkazma topilmasa, taklifnoma faollashmaydi va Ijrochi bu haqda bot orqali Mijozga xabar beradi.

5. Pulni qaytarish

Pul tushgan, lekin taklifnoma faollashtirilmagan bo‘lsa (masalan, summa narxdan kam bo‘lsa), Ijrochi Mijoz bilan bog‘lanadi va pulni to‘liq qaytaradi yoki farqni to‘lashni taklif qiladi.

Havola Mijozga taqdim etilgach, xizmat ko‘rsatilgan hisoblanadi va to‘langan summa qaytarilmaydi. Bundan mustasno: texnik nosozlik sababli taklifnoma ochilmasa yoki xizmat ko‘rsatilmasa, shuningdek summa ikki marta yechilgan bo‘lsa, ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan summa to‘liq qaytariladi.

Murojaatlar husanjontiu@gmail.com manzili orqali qabul qilinadi, Ijrochi 3 (uch) ish kuni ichida javob beradi. Qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilingach, pul to‘lov qilingan usul orqali (karta yoki o‘sha onlayn to‘lov tizimi) 10 (o‘n) ish kuni ichida qaytariladi. Onlayn to‘lov qaytarilganda, taklifnomaning boshqa to‘lovi bo‘lmasa, u avtomatik ravishda yana to‘lanmagan holatga o‘tadi va havola mehmonlar uchun yopiladi.

6. Mijozning majburiyatlari

Mijoz:

  • taklifnomaga faqat o‘ziga tegishli yoki foydalanishga huquqi bor rasm, musiqa va matnlarni joylaydi;
  • boshqa shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini ularning roziligisiz joylamaydi;
  • qonunga zid, haqoratli yoki boshqalarning huquqini buzadigan mazmun joylamaydi.

Bu shartlar buzilsa, Ijrochi taklifnomani ogohlantirib yoki ogohlantirmasdan bloklashi mumkin.

7. Ijrochining majburiyatlari va javobgarligi

Ijrochi taklifnoma havolasi 3-bo‘limdagi muddatlar davomida ishlashini ta’minlaydi. Texnik ishlar paytida qisqa uzilishlar bo‘lishi mumkin.

Ijrochi internet, Telegram, bank va boshqa uchinchi tomon xizmatlaridagi uzilishlar hamda Mijoz kiritgan ma’lumotlar uchun javob bermaydi.

Ijrochining javobgarligi har qanday holatda Mijoz shu taklifnoma uchun to‘lagan summadan oshmaydi.

8. Shaxsiy ma’lumotlar

Mijoz va mehmonlarning ma’lumotlari Maxfiylik siyosatiga muvofiq ishlanadi.

9. O‘zgarishlar va nizolar

Ijrochi ushbu shartlarni o‘zgartirishi mumkin. Yangi tahrir saytda e’lon qilinganidan keyingi buyurtmalarga qo‘llaniladi; to‘langan taklifnomalarga to‘lov paytidagi shartlar asosida xizmat ko‘rsatiladi.

Nizolar muzokara yo‘li bilan hal qilinadi. Kelishuvga erishilmasa, nizo O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sudda ko‘riladi.

10. Ijrochi rekvizitlari

Ijrochi
o‘zini o‘zi band qilgan shaxs Khusanjon Jurabaev
Shahar
Toshkent
Aloqa
husanjontiu@gmail.com